6—7-sentabr kunlari Farg‘onada Zo‘r-Zo‘r UCG 2014 e-sporti bo‘yicha O‘zbekiston Chempionating hududiy saralash turniri bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatidan 140 dan ortiq geymerlar ishtirok etishdi. DotA Allstars va FIFA14 o‘yinlarining turnir natijalari bo‘yicha ushbu hududdan milliy final ishtirokchilari aniqlandi, deya xabar bermoqda Infocom.uz.
6-sentabr kuni DotA AllStars 5×5 guruh o‘yini bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Hammasi bo‘lib Farg‘ona, Andijon va Qo‘qondan 16 guruh ishtirok etishdi. GGFly guruhidagi Shoxruh Komilov, Timur Beknazarov, Amal Xudoyberdiyev, Bobur Ibragimov va Doniyor Alijonovlar 1-o‘rinni egallashdi. G‘oliblar qimmatbaho sovrinlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan milliy finalga yo‘llanma oldilar.
7-sentabr kuni Farg‘onada FIFA14 o‘yini bo‘yicha turnir bo‘lib o‘tdi. Unda 36 virtual futbolchilar ishtirok etishdi. 1-o‘rin va milliy finalga yo‘llanmani Abror Rustamov qo‘lga kiritdi. Shuningdek u 26-sentabr kuni Toshkentdagi ICTExpo 2014 Xalqaro ko‘rgazmasining bosh sahnasida bo‘lib o‘tadigan milliy finalga yo‘l oladi.
Hududiy saralash turnirining barcha g‘olib va sovrindorlariga diplomlar va Beeline’dan sovrinlar topshirildi. Yakuniy hududiy saralash bosqichi 13—14-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, FIFA14 o‘yini bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Fransiyadagi ESWC2014 Jahon kubogining Grand-finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.