O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 12-avgustdagi qarori bilan Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘laridan foydalanishning oshkoraligi va samaradorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari xayriya ehsonlari shaklidagi yordamni faqat ixtiyoriy va beg‘araz ko‘rsatishlari mumkinligi belgilandi. Tadbirkorlik subyektlarining xayriya faoliyatiga va ularning pul mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish taqiqlandi.
Tadbirkorlik subyektlarining byudjet tashkilotlariga xayriya ehsonlari shaklida tushadigan pul mablag‘lari byudjet tashkilotlarining moliya vazirligi axborot tizimida ochilgan tegishli byudjetdan tashqari g‘aznachilik hisob raqamlarida belgilangan tartibda jamlanadi va foydalaniladi.
Byudjet tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga xayriya ehsoni shaklida berilgan mol-mulk qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kirim qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlarining xayriya ehsonlari shaklidagi mablag‘lari byudjet tashkilotlari tomonidan olinishi va ulardan foydalanish byudjet tashkilotlari bilan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida xayriya yordami ko‘rsatish to‘g‘risida tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq amalga oshiriladi.
Xayriya ehsonlari shaklida yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari ushbu mablag‘lardan foydalanishning istalgan bosqichida ularning maqsadli sarflanishini tekshirish huquqiga ega.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va byudjet tashkilotlarining rahbarlari tadbirkorlik subyektlari xayriya faoliyatiga majbur etilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Izoh (0)