Motorola kompaniyasi 4-sentabr kuni Chikagoda bo‘lib o‘tadigan tadbiriga taklif qilishni boshladi. Bu haqda Phonearena.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Taklifnomada to‘rtta gadjet tasvirlangan. Kompaniya 4-sentabr kuni nimani taqdim etishini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, taklifnoma suratidan buni taxmin qilish mumkin. Suratda ko‘ringanidek, birinchi gadjet Moto X+1 smartfoni bo‘ladi, ikkinchisi esa Moto 360 aqlli soati. Shuningdek, Moto G2 smartfoni va Bluetooth yordamida ishlashi mumkin bo‘lgan quloqchin ham taqdim etilishi mumkin.
Mish-mishlarga ko‘ra, Moto X+1 smartfoni 4-sentabrda taqdim etilsa, 25-sentabrdan boshlab sotuvga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, 3-sentabr kuni Samsung Galaxy Note 4 va Sony Xperia Z3 smartfonlarining ham taqdimoti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 4- sentabrda esa Microsoft kompaniyasi Nokia Lumia 730 deya nomlanishi taxmin qilinayotgan “selfi telefoni”ni taqdim etadi. 9-sentabr kuni Apple ham katta tadbir rejalashtirgan, unda yangi iPhone taqdim etilishiga ko‘pchilik umid qilmoqda.
Izoh (0)