AQShning Osiyo mintaqasidagi tanglikni hal qilish bilan bog‘liq uch bosqichli rejasini Xitoy ma’qullamadi. Bu haqda The Guardian’ga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Myanma poytaxti Neypyidoda bo‘lib o‘tgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari ittifoqi (ASEAN) mintaqaviy forumida AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Yevropa Ittifoqi vakillari qatnashib, unda Jon Kerri mintaqadagi vaziyat yechimiga oid reja bilan tanishtirdi. “AQSh va ASEAN birgalikda strategik nuqtayi nazardan muhim bo‘lgan dengizlar, quruqlik va portlarda xavfsizlikni ta’minlashga mas’uldir”, — dedi Jon Kerri.
Filippin Tashqi ishlar vaziri Albert del Rozario Kerrini qo‘llab, Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli suv hududlarida ham “agressiv ko‘rinish olgan harakatlarning ko‘payayotgani”dan xavotir olayotganini ta’kidladi. Bunga javoban, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I AQShning Osiyoda joylashgan qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda ishtirok etayotganini rad etgan holda, Janubiy Xitoy dengizidagi vaziyat barqaror ekanligini qayd etdi.
The Guardian muharrirlarining fikricha, AQSh mazkur uchrashuv orqali Xitoy va uning qo‘shnilari o‘rtasidagi keskin munosabatlarni hal qilishda faol ishtirok etmoqchi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, hozirda mintaqaning Xitoy, Vyetnam, Yaponiya, Filippin singari davlatlarida dengiz chegaralari hamda Janubiy Xitoy va Sharqiy Xitoy dengizlariga javobgarlik bilan bog‘liq ziddiyat kuzatilmoqda.
2014-yil may oyida Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hududlarda neft platformasini o‘rnatishi bir necha davlat o‘rtasida kelishmovchilik kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Izoh (0)