Qirg‘iziston sobiq prezidenti Asqar Akayev mamlakatda uchinchi inqilobni keltirib chiqarishidan qo‘rqib, Moskva aeroportiga ketish yo‘lida Bishkekka tashrifini bekor qildi. Bu haqda Qirg‘iziston bosh vaziri apparati sobiq rahbari Bekpo‘lat Talgarbekovga asoslanib, “KirTAG” xabar berdi.
Akayevlar oilasiga yaqin bo‘lgan Talgarbekovning aytishicha, u o‘g‘li bilan aeroportga yo‘l olgan sobiq prezidentga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatdan ogoh etgan. Agar Akayev hibsga olinsa, uning tarafdorlari namoyishlar uyushtirishi xavfi borligi, natijada uchinchi inqilob yuzaga kelishi mumkinligini aytgan. Shundan so‘ng, Bishkekka Akayevning o‘g‘li Ilim yetib kelgan.
Asqar Akayevning akasi Po‘lat Akayev 3-avgust kuni Bishkekda vafot etdi. Sobiq prezident dafn marosimiga kelishi kutilayotgan bir vaqtda respublika bosh prokurori nazorat organlarida unga beriladigan qator savollar borligini ma’lum qildi.
2005-yilda Akayevga nisbatan tinch aholini o‘qqa tutish, qirg‘iz yerlarini Qozog‘istonga berib yuborish, davlat mulkini tortib olish ayblovlari bo‘yicha jinoyat ishlari ochilgan edi. Biroq Qirg‘izistondagi ikkinchi inqilob chog‘ida Akayevga nisbatan jinoiy ish hujjatlari bosh prokuratura binosi bilan birgalikda yonib ketgan. O‘sha kun — 2010-yil 7-apreldan sobiq prezidentga nisbatan ayblovlar bekor bo‘lgan hisoblanadi.
Akayev 1990-yil oktabrda Qirg‘iziston prezidentligiga saylangan, 2005-yil martida inqilob natijasida mamlakatni tark etgan. Ayni paytda u Moskvada yashaydi.
Izoh (0)