Germaniyada nashr etiladigan Berliner Morgenpost va Hamburger Abendblatt gazetalarida O‘zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan “Ipak yo‘li sehri” sarlavhali maqola chop etildi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, maqola muallifi Ekkexart Ayxler Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent singari ko‘hna shaharlarda joylashgan noyob me’moriy yodgorliklar haqida yozib, bu shaharlarni “Ipak yo‘lining tom ma’nodagi durdonalari”, deb ta’riflagan.
“Samarqanddagi dunyoga mashhur Registon maydoni — Markaziy Osiyodagi eng go‘zal qadamjolardan biri hamda umumjahon madaniy merosining bir bo‘lagidir. Registondagi uch madarasadan iborat majmua shaharsozlikdagi noyob namuna hisoblanadi”, deb yozadi muallif.
E. Ayxler ko‘hna Xiva shahridagi ko‘p sonli tarixiy yodgorliklar haqida hikoya qilar ekan, o‘quvchilar e’tiborini algebra fanining asoschisi, buyuk olim Muhammad al-Xorazmiy qoldirgan boy merosga qaratadi. “VIII asrning oxiri va IX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan buyuk matematik, astronom va geograf Muhammad al-Xorazmiyning asarlari juda muhimligi barobarida ular bugungi kun uchun ham dolzarbdir”, — deb yozadi germaniyalik jurnalist.
Maqola muallifi, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlikni rivojlantirishga, tarixiy yodgorliklarni ta’mirlash va zamonaviy mehmonxonalar qurilishiga katta mablag‘lar sarflayotgani, bunda sayyohlik sohasida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida ham atroflicha to‘xtalgan.
Maqolada qayd etilishicha, noyob me’moriy yodgorliklarning go‘zalligi va mahobatidan tashqari, mahalliy aholi vakillari bilan rejalashtirilmagan, tasodifiy uchrashuvlar ham sayyohlarning yodidan aslo chiqmaydi. O‘zbek xalqi vakillari bilan muloqot asnosida ularning boy madaniyati, urf-odatlari va kundalik turmush tarzi, shu jumladan, milliy to‘y an’analari va marosimlari haqida bilib olish mumkin, deya qayd etadi Ekkexart Ayxler.
Izoh (0)