Braziliyaning San-Paulu shtati prokuraturasi “Itakeran” stadioni quruvchilaridan “bu kabi inshootlarni qurishda qo‘yiladigan barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilish”ni talab qildi. Aks holda, joriy yilning 12-iyunida futbol bo‘yicha Jahon chempionati ochilish marosimi bo‘lib o‘tadigan ushbu stadiondan foydalanishga prokuratura taqiq qo‘yishi mumkinligini aytdi, deb yozadi “ITAR-TASS”.
Bunga sabab shuki, shtatning yong‘in xavfsizligi xizmati tomonidan stadion qurilishi xususida berilgan xulosada xavfsizlik me’yorlari buzilishiga oid jami 26 ta kamchilik ko‘rsatilgan. Xususan, “Itakeran”da yong‘in xavfsizligi choralari kuchaytirilishi, shuningdek, favqulodda vaziyat yuzaga kelganida tomoshabinlarni evakuatsiya qilishning bosh rejasi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
San-Paulu shtati yong‘in xavfsizligi xizmati vakili Sidney Turatu so‘zlariga ko‘ra, “Stadion barcha xavfsizlik talablariga javob bermaydi va hozircha tomoshabinlarni qabul qilishga tayyor emas”.
“Itakeran” qurilishidagi bosh pudratchi bo‘lgan “Odebrext” qurilish kompaniyasi va stadion sohibi bo‘lgan "Korintians” klubi rahbariyatining ma’lum qilishlaricha, barcha talablar qisqa fursatlarda bajariladi va bu to‘g‘rida tegishli hujjatlar taqdim etiladi.
Izoh (0)