Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, muhtarama onalar, aziz opa-singillarni samimiy qutladi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash davlatimiz siyosatida yetakchi o‘rinda ekanini ta’kidladi.

Xususan, 2017-yilda boshqaruv sohasida xodimlarning 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Bu jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etmoqda. Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlari davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda.
O‘tgan yili Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ayol sportchilarimiz 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qo‘lga kiritdi. Madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda 25 nafar, mamlakat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda esa 71 nafar iste’dodli qiz g‘olib bo‘ldi.

Prezidentimiz ayollarning og‘irini yengil qilish, ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ayollarni ijtimoiy himoya qilish ham yangicha tashkil etilmoqda. Joriy yilda nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 mingining uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli ayollar ishga joylashtiriladi.
Shuningdek, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi.
Xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sog‘lom va qudratli jamiyat poydevoridir. Shu maqsadda 230 ta tug‘ruq muassasasi 21 mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkaziladi.
Qiz bolaning o‘qishi butun oilaga naf keltirishi yana bir bor ta’kidlandi. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi.

Talabalarning 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi deyish mumkin. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Har bir oiladagi qizlar bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlar yaratiladi.
Xususan, bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017-yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Yana 250 ming nafar ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi. “Yorqin kelajak” loyihasi doirasida kamida 200 nafar qiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.
Izoh (0)