2025-yilning 22-may kuni supermodel Naomi Kempbell 55 yoshini nishonladi. Shu munosabat bilan dunyoning eng mashhhur va talabgir modeli haqida qiziqarli ma’lumotlarni to‘pladik.
Podiumdagi yiqilish karyera yuksalishiga aylandi
To‘qsoninchi yillar boshida Naomi Kempbell allaqachon tajribali model bo‘lib, ko‘plab podiumlarda qatnashgandi. Shu bois 1993-yilning kuz-qish mavsumida Vivienne Westwood namoyishiga chiqish uchun baland platforma va 23 santimetr poshnali tufli kiyishga to‘g‘ri kelganda, u hecham ikkilanmaydi. Biroq chiqish paytida muvozanatini saqlay olmaydi: model qoqilib, podium o‘rtasida yiqiladi, pushti patli sharfini silkitib, kulib yuboradi. Professional model karyerasida falokatga aylanishi mumkin bo‘lgan bu voqea Naomiga foyda keltiradi: tomoshabinlar uning samimiy munosabatini ijobiy qabul qilishadi, shou va yiqilish lahzasi esa tarixga kiradi.
Modellar dunyosi raqobatga to‘la, u yerda do‘stlikka o‘rin yo‘q, degan fikr tarqalgan. Ammo Naomi Kempbell bundan mustasno
To‘qsoninchi yillarda Naomi kabi supermodel maqomiga erishgan Kristi Terlington va Linda Yevangelista Kempbellning yaqin dugonalari bo‘lib, uni qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlagan. Masalan, 1990-yilda Naomi Dolce & Gabbana ko‘rgazmasi tanlovidan o‘ta olmagan. Shunda allaqachon tasdiqlangan modellar ro‘yxatiga kiritilgan Kristi va Linda namoyishda qatnashishdan voz kechishgan. Kasting direktori murosaga kelishga majbur bo‘lgan va natijada uchala model ham ko‘rgazmaga olingan.
Naomi Kempbell hech qachon bosiq bo‘lmagan: u keskin, jizzaki bo‘lgani uchun ko‘p bora muammolarga duch kelgan.
2007-yilda sud uni g‘azab otida xizmatkoriga telefonini otgani uchun besh kunlik jamoat ishlariga mahkum etgan. Supermodel jazoni norozilik aksiyasiga aylantirish va o‘z qadr-qimmatini saqlab qolishga erishadi: Nyu York kanalizatsiyasini tozalashi kerak bo‘lsa-da, har kuni ishga bashang kiyinib, sochlarini mukammal turmaklagan va pardoz qilgan holda kelardi. Ishning so‘nggi kunida esa u bir necha ming dollar turuvchi Dolce & Gabbana’ning kumushrang ko‘ylagini kiyib oladi.
2011-yilda Kempbell Britaniya GQ jurnali uchun jurnalist rolini o‘ynab, intervyu oladi
U oddiy odamdan emas, balki Vladimir Putindan intervyu olgan. Bosh vazir (o‘sha paytda Putin shu lavozimda edi) bilan sport mashg‘ulotlari, brakonyerlikka munosabat va hatto bir guruh talaba qizlar siyosatchining tug‘ilgan kuniga atab tayyorlagan taqvim haqida suhbatlashadi.
Naomi Kempbellning moda sanoatida xilma-xillikni targ‘ib qilishdagi hissasi
Naomi bo‘lmaganda, moda olami qora tanli modellarni qiyinchiliklar bilan qabul qilishi mumkin edi. Uning yutuqlari orasida 2008-yil iyul oyida chop etilgan Italiya Vogue jurnalining Black Issue sonini muhim bosqich deb hisoblash mumkin. Bu son moda va madaniyatdagi qora tanli ayollarga bag‘ishlangandi. Muqovasida Naomi tasvirlangan jurnal 72 soat ichida sotilib, nashriyot qo‘shimcha nusxalar chop etishga majbur bo‘ladi: jurnalning yana 30 ming nusxasi Amerikada va xuddi shuncha nusxasi Yevropada nashr etiladi.
Naomi Afrika modasi va afrikalik dizaynerlarni ommalashtirish bo‘yicha faol ishlarini davom ettirmoqda
2018-yilda u Condé Nast International nashriyotiga murojaat qilib, qit’aning moda sanoati yutuqlarini jahon miqyosida yoritish uchun Vogue jurnalining Afrika nashrini chiqarishni taklif etdi. Campbell doimo Lagosdagi Arise moda haftaligini model va ekspert sifatida qo‘llab-quvvatlab kelgan. 2020-yil kuz-qish mavsumining Parij moda haftaligida esa supermodel ishtirok etgan yagona namoyish yosh nigeriyalik brend Kenneth Ize’ning shousi bo‘ldi.
Izoh (0)