Milanda bo‘lib o‘tgan 2022–2023-yil kuz-qish mavsumining moda haftaligi yakunlandi. Ukrainadagi vaziyatga butun dunyo hayratda qolganiga qaramay, barcha moda namoyishlari belgilangan tartibda davom etdi.
Garchi ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari dizaynerlarni ko‘rgazmani yaxshiroq vaqtga qoldirishga undagan bo‘lsa-da, Jorjio Armani shousini bekor qilmadi, balki Ukraina xalqiga o‘z hamdardligini boshqa yo‘l bilan ko‘rsatishga qaror qildi. 87 yoshli modelyer Ukrainada sodir bo‘layotgan fojiaga hurmat belgisi sifatida ko‘rgazmani musiqasiz o‘tkazdi. Modellar podium bo‘ylab mutlaq sukunatda, faqat qarsaklar ovozi va kamera chirog‘i ostida liboslarni namoyish etdi.
Eslatib o‘tamiz, Gollivud yulduzlari Rayan Reynolds va Bleyk Layvli ukrainalik qochoqlar uchun million dollar xayriya qildi. Shuningdek, jahonga mashhur aktrisa Anjelina Joli ham Ukrainadagi vaziyatga munosabat bildirib, tinch aholiga yordam berishini ma’lum qilgandi. Aktrisa uzoq vaqtdan beri BMTning yaxshi niyat elchisi sifatida butun dunyo bo‘ylab qochqinlarni qo‘llab-quvvatlab keladi.
Izoh (0)