Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi xususiy maktabda direktor tomonidan o‘quvchining sochi majburlab kalga olingani haqida videoxabar tarqalgandi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, holat 2025-yilning 28-aprel kuni Sharjah School xususiy maktabida sodir bo‘lgan. 7-sinf o‘quvchisi J.G. sochini oldirish haqida maktab ma’muriyati tomonidan bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, maktab ichki tartib-qoidalariga bo‘ysunmagan holda sochlari o‘sgan holda kelishda davom etgan.
2025-yil 27-aprel kuni o‘quvchining ota-onasi maktabga chaqirtirilgan va ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Suhbat davomida o‘quvchining ota-onasi tomonidan ertaga farzandi maktabga sochi olingan holda kelishi, aks holda uning sochini olishga og‘zaki rozilik bildirilgan.
Ertasiga, ya’ni 28-aprel kuni o‘quvchi J.G. maktabga sochining ikki yon tomoni olingani, lekin old tomoni olinmagan holda kelgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng maktab direktori taekvondo murabbiyiga o‘quvchining sochini olish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bundan norozi bo‘lgan o‘quvchining ota-onasi 29-aprel kuni maktabga shikoyat qilib kelgan. Shu kuni maktab direktori, maktab psixologi, taekvondo murabbiyi o‘quvchining uyiga borib, sodir bo‘lgan holat yuzasidan o‘quvchi va uning ota-onasidan uzr so‘ragan.
Maktab psixologi tomonidan o‘quvchi bilan suhbat o‘tkazilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idorasi xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
Bu birinchi holat emas. Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgani xabar qilingandi. Maktab direktori tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zalga yig‘ilib, sochi olingan. Jarayonni Milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan. Bolalar ombudsmani bu kabi nomaqbul holatlarning boshqa taʼlim muassasalarida ham yuzaga kelmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini alohida qayd etgan edi.
Izoh (0)