FVB Toshkentda Tesla elektromobili yonib ketgani haqida xabar bergan edi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat qasddan sodir etilganini ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, holat 17-aprel kuni taxminan soat 23:40 larda Mirzo Ulug‘bek tumani, Yalang‘och dahasi hududida joylashgan avtoturargohlarning birida sodir etilgan. 1988-yilda tug‘ilgan M.J. o‘zaro kelishmovchilik sababli tanishi 1983-yilda tug‘ilgan N.K.ga tegishli Tesla rusumli avtomashinani yoqib yuborgan.
Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro M.J. ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Bundan avval Toshkent shahar Yunusobod tumanida beton to‘siqqa urilgan elektromobil yonib ketgan edi. BYD haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilishi natijasida yong‘in kelib chiqqan.
To‘qnashuv natijasida haydovchiga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar Chilonzor tumanida Zeekr elektromobili yonib ketgan. Yong‘in qariyb bir soatda o‘chirilgandi.
Izoh (0)