Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston rasmiylarini davlat xizmatchilarining daromadini deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi. Bu haqda missiyaning 2025-yilgi maslahatlashuvlar natijalari bo‘yicha yakuniy bayonotida keltirilgan.

“Yaqin vaqt ichida davlat mansabdor shaxslari va davlat korxonalari rahbarlarining mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi hamda xabar beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi hukumat tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Rasmiy organlar ushbu qonunlarni imkon qadar tezroq qabul qilishi va amalga kiritishi kerak”, deyiladi missiya bayonotida.
Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalash
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil mart oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida mamlakatda bu illatga qarshi kurashish tizimining ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergandi. Ulardan biri — bu “Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun”ning qabul qilinishidir.
Ushbu qonunning qabul qilinishini prezident ta’kidlab o‘tganidek, noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik, ya’ni davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerakligini bildiradi.
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini joriy etishga 2017-yildan buyon urinilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov “maqsadimiz — ertami-kechmi, davlat byudjetidan oylik pul oladigan barcha davlat xizmatchilari deklaratsiyalanishi kerak: mol-mulki, xarajatlari, daromadlari”, deb aytgandi.
Izoh (0)