Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga quyidagilar tavsiya etildi:
- har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish;
- vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;
- xalqaro tajribani o‘rganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- ishchi guruh tuzib “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi”da har oyning 1–5 sanalarida “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;
- hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish hamda xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Farmonga ko‘ra, iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida:
- davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;
- 2025-yilning 1-iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi;
- “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.
2025-yil yakunicha xalqaro tender obyektlari bo‘yicha subpudratchilar “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilinadi. Shuningdek, qiymati 2 mln dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvargacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizim joriy etiladi.
Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlari shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
Sunʼiy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.
Izoh (0)