“Xalq banki”ning Xovos filialida 3,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy Telegram kanalida bankning mazkur holatga bildirgan munosabati e’lon qilingan bo‘lib, unda bank jurnalistlarni jamoatchilikda bir tomonlama fikr uyg‘otmaslikka chaqirgan.
Ma’lum qilinishicha, “Xalq banki” Xovos filiali xodimlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarlik holati bank mas’ullari tomonidan aniqlanib, rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan. Ushbu qonunbuzarlikni sodir etgan xodimga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Ijtimoiy tarmoq faollari va jurnalistlardan shu kabi AT ‘Xalq banki’ mutasaddilari o‘zi aniqlab, o‘zi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etayotgan jinoiy holatlarni noto‘g‘ri talqin qilib, bu orqali keng jamoatchilikda bir tomonlama fikr uyg‘onishiga sababchi bo‘lmasliklarini so‘raymiz va o‘z navbatida, faoliyatimizga befarq bo‘lishmagani uchun minnatdorchiligimizni izhor qilamiz”, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq Surxondaryoda xususiy korxona xodimi noqonuniy ravishda o‘ziga qo‘shimcha 225,5 mln so‘m oylik yozgani, Buxoroda korxona rahbari bank sobiq mas’ullari bilan til biriktirib, 1,3 mlrd so‘m kredit pullarni o‘zlashtirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.