Davlat xavfsizlik xizmati “Xalq banki”ning Xovos filialida 3,8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilinganini aniqlandi, deb xabar beradi O‘zA.
Qayd etilishicha, DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”ning Ichki audit hamda Ichki nazorat va komplayens departamentlari mutaxassislari hamkorligida bankning Sirdaryo viloyati Xovos filialida noqonuniy holat aniqlangan.
2020—2023-yillar davomida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish va (yoki) biron-bir hujjat rasmiylashtirmasdan hamda soxta maʼlumotlardan foydalangan holda jami 3 milliard 828 million 400 ming so‘m miqdoridagi budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bankning Xovos filiali bir nafar masʼul xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq Toshkentda bir guruh shaxslar o‘zi ishlaydigan joydan 2,5 mlrd so‘mlik elektr uskunalarni sotib yuborgani, Termizda tadbirkorning 190 mln so‘mdan ziyod naqd pulini o‘zlashtirgan dorixona mudiri qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.