Tarixda meteoritning bevosita odamga urilgan yagona holat 1954-yilning 30-noyabrida AQSHning Alabama shtatida qayd etilgan. 71 yil avval amerikalik Enn Hodjes ismli ayol meteorit zarbasidan omon qolib, kutilmaganda butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan.

30-noyabr kuni soat kunduzi atrofida Alabama shtatining Silakoga shahrida istiqomat qilgan Hodjes divanda dam olayotgan edi. Shu payt osmondan greypfrut kattaligidagi meteorit ayol uyining tomini teshib o‘tdi. Koinot jismi avval radioga urilib, keyin ayolning qorin sohasiga tushdi. Kuchli zarbadan ayolning tanasida katta ko‘karish paydo bo‘ldi, ammo tirik qoldi.
Bu meteorit keyinchalik “Silakoga meteorit” yoki “Hodjes meteorit” deb atala boshlandi. Uning og‘irligi 3,8 kilogramm bo‘lib, aynan shu tosh bugun Alabama universiteti tarix muzeyida saqlanadi.

Hodjes uyining tomini meteorit teshib o‘tgan
Foto: Science Alert
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, har yili minglab meteoritlar Yer atmosferasiga kiradi, biroq ularning aksariyati yonib ketadi. Faqat juda oz qismi sayyora yuzasiga yetib keladi. Meteoritning odamga urilish ehtimoli esa nihoyatda past. Hatto tornado, chaqmoq va dovuldan bir vaqtda zarar ko‘rish imkoniyati bundan yuqoriroq. Shunga qaramay, bu ehtimol nolga teng emasligini Hodjesning misoli isbotladi.

Voqea yuz berishidan avval mahalliy aholi osmonda yorqin chiziqni payqagan — bu atmosferadan tushib kelayotgan, yuqori haroratga ega meteorit bo‘lgan. Avvaliga kosmik tosh ikki bo‘lakka ajralgan. Uning bir qismi Hodjesni urgan bo‘lsa, ikkinchisi uning uyiga yaqin joyga tushib, mahalliy fermer tomonidan topilgan va keyinchalik sotib yuborilgan.

Foto: Science Alert
Ayol ijaraga olgan uy egasi ham meteoritga da’vogarlik qilgan, shu sababli sud jarayonlari uzoq davom etgan. So‘ng sud qaroriga ko‘ra, Hodjes kosmik toshning qonuniy egasi deb topilgan. Ammo jurnalistlar va jamoatchilikning doimiy e’tirozidan charchagan ayol oxir-oqibat meteoritni Alabama universiteti muzeyiga topshirgan.
Muzey xodimi Meri Bet Prondzinskiyning aytishicha, agar meteoritni avval tom, so‘ng radiopriyomnik sekinlashtirmaganida, Hodjesning omon qolishi amrimahol edi.

Foto: Science Alert
Enn Hodjes 1972-yilda, 52 yoshida vafot etdi. U tarixda meteorit zarbasidan tirik qolgan yagona inson sifatida nom qoldirdi.
Tahlillarga ko‘ra, Silakoga meteoriti Toro asteroidi — xondrit sinfiga mansub bo‘lgan. U temir hamda nikel aralashmasidan tashkil topgan. Olimlar meteoritning yoshi taxminan 4,5 milliard yil ekanini aniqlagan. Demak, mazkur koinot jismi Quyosh tizimi endigina shakllanayotgan davrda paydo bo‘lgan.
Izoh (0)