Kambodjada Tailand foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan kabutar ushlandi. Bu haqda The Thaiger xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qush Batambang provinsiyasidagi pochta xodimlari tomonidan ushlangan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmda kabutar oyog‘idagi halqada “Tailand” yozuvi aks etgan. U Tailandning GPS tizimiga ulangan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.
Tailandliklar bu da’volarni masxara bilan qarshi olgan. Ular bu kabutar sport yoki pochta kabutari bo‘lishi mumkinligini aytgan. Razvedka maqsadida qushlardan foydalanish esa eskirgan usul ekani ta’kidlangan.
Harbiy tahlilchilardan biri: “Kambodjaliklar musobaqa uchun yetishtirilgan kabutardan Tailand harbiy josusini yasamoqda”, degan mazmundagi post yozgan.
Ayrimlar Tailand yaqin kelajakda Britaniya maxfiy xizmati tomonidan o‘rgatilgan boyqushlardan foydalanishda ayblanishi mumkinligi aytib hazillashgan. Shunga qaramay, Kambodja va Tailand o‘rtasidagi taranglik fonida “josus kabutar” holati jiddiy qabul qilinmoqda.
Kambodja—Tailand to‘qnashuvi
Ikki davlat o‘rtasidagi qurolli ziddiyatlar yangilik emas, tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi mojaro 24-iyulda boshlangan, ammo birinchi qurbon 23-iyulda qayd etilgan. Tailand armiyasining besh kishilik patrul guruhi bahsli hududda minaga uchrab, jarohatlangan. Ulardan biri oyog‘idan ajralgan.
Ertasi kuni Tailand harbiylari Kambodja droni va olti nafar qurollangan askarni o‘z hududi yaqinida ko‘rganini bildirgan. Kambodja bu da’volarni inkor etmagan, ammo mojaro boshlanishida Tailandni ayblagan.
Oxirgi yirik to‘qnashuvlar 38 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 28-iyul kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga va bevosita muloqotni tiklashga kelishib olgan. Biroq bahsli hududlar muammosi hanuz yechimsiz qolmoqda.
Izoh (0)