Samarqand viloyati Urgut tumani ko‘chalarida otasining mashinasida xavfli harakatlarni amalga oshirgan yosh haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda viloyat IIB JXX YHXB matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 20 yoshli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqaro tungi paytda otasiga tegishli bo‘lgan Gentra mashinasining davlat raqam belgilarini yechib olib, hayot uchun xavfli bo‘lgan turli harakatlar va qo‘pol qoidabuzarliklarni sodir etgan.
Holat aks etgan videolarni esa do‘stlari bilan tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.
“O‘g‘lim mashinani haydab chiqib ketibdi, men bexabarman. Haydovchilik guvohnomasini qo‘liga olmagunicha avtomobilni bermanglar”, degan haydovchining otasi.
Ota-onasining xabarisiz avtomashinani olib chiqib ketgan yigit, bunga sabab qilib to‘yga xizmat qilganini bildirgan.
Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Avvalroq 5-sinf o‘g‘liga mashina rulini topshirib qo‘ygan otaga chora ko‘rilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.
Izoh (0)