O‘zbekistonda prezident maktablariga kirish imtihonining 1-bosqich natijalari chiqdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xabar berdi.

Bugun, 23-iyul kuni Cambridge xalqaro taʼlim tashkiloti 6-iyulda o‘tkazilgan imtihon natijalarini eʼlon qildi. Saralash jarayoni test sinovlari asosida tashkil etilgan. Natijalar hududlar kesimida taqdim etilgan. Prezident maktabiga kirish uchun imtihon topshirgan nomzod Cambridge saytiga kirgan holda identifikatorni qidirishi kerak.
Natijalar reyting tartibida yuqoridan pastga qarab ko‘rsatiladi. Ko‘k rangda ko‘rsatilgan nomzodlar prezident maktablariga kirish bo‘yicha asosiy test sinovlariga o‘tadi.

Prezident maktablariga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi 27-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Imtihondan o‘tish uchun 130 daqiqa vaqt ajratiladi:
- matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 90 daqiqa;
- ingliz tili fanidan grammatika (Grammar component) va matn bilan ishlash (Reading component) bo‘yicha 40 ta topshiriqni bajarishga 40 daqiqa beriladi.
Talabgor imtihonga ruxsatnoma va tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma bilan kelishi kerak.
Har bir talabgorning ariza.piima.uz saytiga kiritilgan telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuboriladi. Shundan so‘ng, imtihon o‘tkaziladigan joy nomi va vaqti to‘g‘risidagi maʼlumotni shaxsiy kabinet orqali yuklab olish mumkin. Toshkent viloyati o‘quvchilari uchun imtihonlar Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Maʼlumot uchun, bu yil prezident maktablariga o‘qishga kirish istagidagi 49 ming 924 nafar talabgor hujjat topshirgan. Bunda bir o‘ringa o‘rtacha 148 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda.
Izoh (0)