Joriy yil yanvar-iyun oylarida 6 mingdan ortiq o‘zbekistonlik shilqimlik va zo‘ravonlik sodir etgani sabab jazolangan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

2025-yil I yarmida O‘zbekistonda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 986 fuqaro javobgarlikka tortildi. Jazolanganlardan 358 nafariga jarima, 628 nafariga maʼmuriy qamoq qo‘llanilgan.
Kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 ming 952 kishi maʼmuriy jazolangan. Shundan 3 ming 200 nafari jarimaga tortilib, 1 ming 752 nafariga maʼmuriy qamoq tayinlangan.
Olti oy mobaynida Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 231 fuqaro sudlangan. Sudlanganlardan 65 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 166 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan.
Shu bilan birga, kodeksning 141-3-moddasi bilan 99 nafar shaxs sudlangan. Bu moddada shaxs shaʼni, qadr-qimmatini kamsituvchi, inson hayotiga oid sirli maʼlumotlarni oshkor qilish jinoyati ko‘zda tutilgan. Mazkur modda asosida sudlanganlardan 24 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, 75 nafariga boshqa turdagi jazolar qo‘llanilgan.
Avvalroq 2025-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda sudlar tomonidan 204 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingani bildirilgandi.
Izoh (0)