O‘zbekistonda 3 mingdan ziyod qadimiy tangalar noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi, deb xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi.

Unga ko‘ra, 2024-yilda hamda joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida bojxona organlari tomonidan 299 ta huquqbuzarliklar aniqlanib, ushbu holatlar bo‘yicha 5 981 ta madaniy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi.
Jumladan, 3 055 ta qadimiy tangalar, 706 ta muomalada bo‘lmagan pul banknotlari, 1 212 ta orden va medallar, 118 ta san’at asarlari, 46 ta haykaltaroshlik asarlari, 29 ta qadimiy kitob va qo‘lyozmalar, 3 ta arxeologik ashyolar, 14 ta qadimiy musiqa asboblari, 424 ta hunarmandchilik buyumlari, 358 ta qadimiy zargarlik buyumlari, 14 ta fotomateriallar, 1 ta arxitektura yodgorligi qismi va 1 ta qadimiy qurol-aslaha aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan 4 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 295 ta holatda esa ma’muriy ishlar yuritilib ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.
Bojxona organlari tomonidan to‘xtatib qolingan mazkur madaniy boylik obyektlari respublika bo‘yicha jami 28 ta muzeylarga topshirilgan. Endilikda ushbu muzeylar qatoridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ham joy oladi.
Aytilishicha, shu munosabat bilan tadbir doirasida ikkala tashkilot rahbarlari “Bojxona organlari tomonidan ushlab qolingan madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishda o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida” memorandumni imzoladi.
Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasiga binoan ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekistondan olib chiqilishi mumkin emas.
Izoh (0)