Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senatning matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda davlat manfaatlarini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, respublikada aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida aniq maqsadga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bog‘liq ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish, shuningdek iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlar oqibatida yetkazilgan zararni baholash mexanizmlarini aniq belgilash zarurati yuzaga kelayapti.
Xabarda aytilishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tranzit uchun ruxsat berish yoki rad etish ariza qabul qilingandan boshlab 30 kun ichida ko‘rib chiqishi belgilangan.
“Amaldagi ‘Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida’gi qonunda tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran 30 kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda esa mazkur muddat uzaytirilishi mumkinligi belgilangan. Shu munosabat bilan muhokama qilingan Qonun bilan “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi qonunga tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddati ko‘pi bilan 90 kun etib belgilanmoqda” deyiladi Senat matbuot xizmatining xabarida.
Yangi qonun loyihasida tranzit uchun ruxsat berish yoki bermaslik 20 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Ushbu muddat uzaytirishga sabab bo‘ladigan omillar aniq belgilab qo‘yiladi.
“Amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi nazarda tutiladi. Mazkur muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirish mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilab qo‘yilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, qonun bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlangan.
Muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullangan.
Izoh (0)