Andijon viloyatida 59 million so‘mlik alimentni to‘lamay yurgan fuqaro MIB xodimlari tomonidan noodatiy uslubda ushlandi. Bu haqda 1-avgust kuni Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasi xabar berdi.

Erkak ikki yildan beri voyaga yetmagan farzandlariga aliment to‘lamayotgani sabab qidiruvda bo‘lgan. Ushbu davrda uning qarzdorlik miqdori 59 million so‘mga yetgan.
Maʼlum qilinishicha, MIB xodimlari ayblanuvchini tutish uchun “maxsus uchrashuv” uyushtirgan.
“MIB xodimlari qiz bola nomidan Telegram messenjerida erkak bilan romantik yozishmalar boshlagan. Qarzdor kafega taklif qilingan. Alimentchi ota “uchrashuv”ga kelgan vaqtda qo‘lga olingan”, deyiladi xabarda.
Kutilmagan uchrashuv ortidan alimentchi ota javobgarlikka tortilgan.
Maʼlumot uchun, 2024-yil noyabrda Ayubxon Alimov MIB Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Izoh (0)