Toshkentda start olgan Mirabror Usmonov kubogi–2025 turnirining ilk o‘yinida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Saudiya Arabistoni U-23 termasiga qarshi maydonga tushdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi uchrashuv boshidayoq ustunlikni qo‘lga kiritdi. 8-daqiqada Samandar Mavlonqulov hisobni ochgan bo‘lsa, oradan uch daqiqa o‘tib, Jahongir O‘rozov ikkinchi golni urdi.
Ikkinchi bo‘limda esa Nodirbek Abdurazzoqov hisobni 3:0 ko‘rinishiga keltirdi. Saudiyaliklar 58-daqiqada Murad Kudrining goli evaziga bitta gol bilan javob qaytardilar.
Shu tariqa, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi turnirni g‘alaba bilan boshladi. O‘zbekistonning musobaqadagi keyingi raqibi Yaponiya U-23 jamoasi bo‘ladi.
Mirabror Usmonov kubogi-2025
“Jar” stadioni, Toshkent
O‘zbekiston U-23 — Saudiya Arabistoni U-23 3:1
Gollar: 1:0 — Mavlonqulov (8), 2:0 — O‘rozov (11), 3:0 — Abdurazzoqov (48), 3:1 — Murad Kudri (58)
Izoh (0)