Bugun, 29-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida “Star Med Centr” xususiy klinikasi otolaringologi A.X. hamda anesteziolog-reanimatologi J.Q.ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.
Avvalroq bloger Farhod Mannopov vafot etgani bilan bog‘liq jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgan edi.
E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 117-moddasi (xavf ostida qoldirish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi.
A.X. va J.Q. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
J.Q.ga Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida o‘tash uchun 2 yil tibbiyot sohasida anesteziolog-reanimatolog shifokor vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.
Blogerning o‘limi
Farhod Mannopov 2023-yil 5-mart kuni Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan klinikalardan birida vafot etgan. U o‘limidan avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan paytida boshi, burnidan jarohat olgan va burnini operatsiya qildirish maqsadida klinikaga borgan.
Hamma hol-ahvol so‘rab yozganlarga rahmat. Shifokorning oldiga keldim. Avval ham burnimni to‘g‘rilatgani shifokorga kelaman deb yurgandim, shunaqa sabab bo‘lib keldim. 20 daqiqadan so‘ng operatsiyaga kiraman, duo qilinglar, — degan marhum so‘nggi videosida.
Mitti vine kulgi jamoasi a’zosi Ulug‘bek Shodibekovning eslashicha, dori reaksiyasidan keyin Farhodning qon bosimi tushib ketgan, uni ko‘tarish bilan ovora bo‘lib turishganida o‘pkasiga qon ketgan.
Qonni to‘xtatguncha isitmasi ko‘tarilib ketgan. O‘pka, jigar va hatto yurakni ham ishdan chiqarib bo‘lganidan keyin bemorning yaqinlariga xabar berishgan. Eng yomoni, tashqaridan olib kirgan shifokorlarimiz “Falon dori bormi? Mana bu apparat bormi?” deb so‘rashsa, “Yo‘q” deb javob berishyapti. Qonning holatidan kelib chiqqan holda bemorning ahvolini nazorat qiladigan tahlil bor ekan. Hatto bu tahlil ham klinikada yo‘q ekan. Har yarim soatda qonni olib, boshqa klinikada tekshirtirib keldim. Tashqaridan nafaqat shifokorlar, hatto tibbiyot apparatlarini olib ham kirdik.
Klinikadagi shifokorlar “o‘yin”dan chiqqandek bir chetda qarab turishdi. Bemorning sog‘lig‘i tiklanishi uchun harakat qilishmadi. Shifokorga borib “Farhod uchun emas, klinikaning nomi uchun bo‘lsa ham harakat qilinglar”, desam “Musulmonmisiz?” dedi. O‘lim haq ekanligiga ishonaman, ammo harakat qilish kerak-ku, — deydi Ulug‘bek Shodibekov.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Iyun oyida u vafot etgan klinikaning litsenziyasi sud qarori bilan bekor qilindi.
Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013-yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etgani haqida ko‘rsatma olingan. Biroq tergov davomida bu o‘z tasdig‘ini topmagan. Bosh prokuratura barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinishini ma’lum qilgandi.
Ota mehrini ko‘rmay o‘sgan bolakay...
Farhod Mannopov 1996-yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Oilada yolg‘iz o‘g‘il. Bloger intervyularining birida otasini eslolmasligi, u 1998-yilda vafot etgani va onasining yolg‘iz o‘zi farzandlarini ulg‘aytirgani haqida so‘zlab bergandi.
— Bor-yo‘g‘i bir xonali uyimiz bo‘lardi. Onam hamisha katta oshxonasi bor uylarni ko‘rsa havas qilardi. Chunki otamdan qolgan uyning oshxonasi nihoyatda kichik, bitta zal va balkonchasi bor edi, xolos, — degandi bloger intervyularining birida.
“QVZ”da uyg‘ongan iste’dod
Farhod Mannopovning oilasida san’atkorlar yo‘q, onasi uning bank xodimi bo‘lishini, kostyum-shim kiyib ishxonasiga borishini orzu qiladi. Shu bois, maktabni tamomlagan Farhod bank kollejiga hujjat topshiradi.
— Ulug‘bek bizdan keyingi guruhda o‘qigan. U bilan unchalik yaqin emasdim, ammo kichik jussasi va hazil-huzulga moyilligi e’tiborimni tortgandi. Bir kuni ustozimiz “QVZ” o‘tkazilayotganini va guruhimiz ishtirok etishi kerakligini aytdi. Ishtirokchi sifatida Ulug‘bekni ham jamoaga taklif qilishni so‘radim. Tayyorgarlik jarayonida u bilan yaqin bo‘lib ketdik, — degandi Farhod Mannopov.
Kollej va akademik litseylar o‘rtasida o‘tkazilgan “QVZ” musobaqalarida “Voy dod” jamoasi munosib ishtirok etadi va bir necha marta g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Ayniqsa, Farhod va Ulug‘bek ishtirokidagi “Uyda yolg‘iz” filmidagi o‘g‘rilar sahnasi tomoshabinlarga ma’qul keladi. Xuddi shu ko‘rinish keyinchalik “Dizayn” jamoasining tomoshalarida ham qo‘llaniladi.
To‘yxonadagi ofitsiant
Farhod Mannopov kollejni tamomlab institutga hujjat topshiradi. Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rsa-da, unga talaba bo‘lish nasib etmaydi. U ruhiy tushkunlikka tushib qoladi, o‘qish imkoniyati berilmagach, ish izlay boshlaydi.
— O‘qishga kirolmaganim qattiq zarba bo‘lgan. Boshqa o‘rtoqlaringiz o‘qishga kirsa-yu, siz kirolmasangiz juda qiyin bo‘ladi. Ammo yana repetitorga borib, yanada kuchliroq tayyorgarlik ko‘rishga imkoniyatim bo‘lmagan. Chunki onam ro‘zg‘or tebratishga qiynalardi. Shunday kunlar ham bo‘lganki, hatto, bir dona non olib kelishga ham pulimiz bo‘lmay qolgan. Shundan keyin to‘yxonaga ofitsiantlikka ishga kirganman, — degandi Farhod Mannopov.
Bo‘lajak bloger kunlik xizmati uchun 15-18 ming so‘m pul olar, qo‘shimchasiga har doim qorni ham to‘q bo‘lardi. Xarajatsiz ish esa unga ma’qul kelardi.
Tug‘ma biznesmen
Farhod Mannopovni hech ikkilanmay tug‘ma biznesmen deyish mumkin edi. Chunki u kollejda o‘qib yurgan paytidayoq telefon savdosi bilan shug‘ullanardi. U paytlari onlayn savdolar unchalik rivojlanmagan, tengdoshlarining ko‘pchiligi undan foydalanishni bilishmasdi. Farhod Mannopov eski telefonlarni onlayn savdodan xarid qilib, g‘ilofini almashtirib kollejdagi tanish-bilishlariga sotardi.
— Pul yig‘ishni va onamning orzularini amalga oshirishni istardim. 18 yoshimda ikki ming dollar pul yig‘ib, yana bir qarindoshimizdan ozgina qarz olib eski Matiz avtomobilini xarid qilganman. Ammo avtomobil olgach to‘yxonadan ketishimga to‘g‘ri kelgan. Chunki ish boshqaruvchimizda eskiroq Matiz edi, mening ham avtomobil olganim unga yoqmagan, — degandi Farhod Mannopov.
Hammasi yaxshi bo‘lib ketadi
Farhod Mannopov 8 yillik ofitsiantlik faoliyatiga yakun yasab, taksichilik bilan shug‘ullanadi. Kutilmaganda kelgan karantin esa bloger bo‘lishiga sabab bo‘ladi. U kollejni bitirib, bankda kichik xodim bo‘lib ishlayotgan va oilaviy sharoitini yaxshilash uchun bankdan katta miqdorda kredit olgan Ulug‘bekni o‘ziga sherik sifatida tanlaydi. Avvaliga videolar muvaffaqiyat qozonmaydi, 10-15 ta video ham hech qanday samara bermaydi. Ammo Farhod Mannopov hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga ishonardi.
Unga ota bo‘lish nasib etmadi...
Farhod Mannopov qiyinchilik bilan oֹ‘sgani uchun onasini hamisha ardoqlar va orzularini ushaltirishga harakat qilardi. Hayotlik chog‘ida onasiga uy va qimmatbaho mashina sovg‘a qildi. Kuzatuvchilariga ham hamisha ota-onani ardoqlash kerakligini uqtira oldi. Afsuski uning o‘ziga otalik baxti nasib etmadi. U bu hayotni juda erta bor-yo‘g‘i 26 yoshida tark etdi.
Izoh (0)