Bugun, 17-dekabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi tashabbuskori Oliy sud, mahkama nomidan Oliy sud sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov deputatlarga chiqish qildi. Uning aytishicha, qonun loyihasi, O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi farmoni ijrosiga bag‘ishlangan.
Ushbu farmonga ko‘ra, tergov sudyasiga qator sanksiyalar va majburlov choralari qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolatini berish nazarda tutilmoqda.
Farmonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida, viloyat va unga tenglashtirilgan sud sudyalari tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilishi, shuningdek, tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlarini ko‘rib chiqish vakolati berilishi nazarda tutilmoqda, dedi Ikrom Muslimov.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinganidan keyin, spiker Nuriddin Ismoilov qonun tashabbuskori vakiliga loyihani kech kiritgani uchun eʼtiroz bildirdi.
Tergov sudyasi tashabbusi iyun oyida paydo bo‘lgan. Lekin sizlar yangi yilga, birinchi yanvarga 12 kun qolganda bizga kirityapsizlar. Shuncha vaqt o‘tdi, 1-yanvardan kuchga kirishi kerak. “Buni qabul qilib beringlar”, deyapsizlar. Shuning uchun, iltimos bo‘ladi, oldinroq kiritsangizlar, bizga ham oson, ham to‘g‘ri bo‘lardi. Hali qo‘mita kelgusi haftagacha loyiha ustida ishlashi kerak. Bitkazsak ham, Senatga kiritish masalalari bor, dedi Nuriddin Ismoilov.
Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga va jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida ham shaxs sud himoyasi ostida bo‘lishini ta‘minlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)