Qirg‘iziston va Tojikiston bahsli hududlarni teng taqsimladi. Bu haqda Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarovga tayanib Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlararo komissiya har ikki mamlakat manfaatlarini hisobga olgan.
“Aytish mumkinki, bahsli masalalarda o‘zaro kelishuvga erishdik, nizoli hududlarni teng taqsimlab oldik”, dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi joylarda tomonlar hududlarni almashishga kelishib olgan. Hukumatlararo komissiya ishini yakunlagach, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara ochiladi.
“Chegara postlari uch yildan beri yopilgan. Oqibatda ikkala tomon ham iqtisodiy yo‘qotishlarga uchradi. Savdo to‘xtatildi. Endi biz chegara postlarini ochamiz va ikki davlat o‘rtasidagi savdoni eng yuqori darajaga ko‘tarishimiz kerak”, deydi Japarov.
Qirg‘iziston rahbari qo‘shni mamlakatlar o‘rtasida bundan buyon kelishmovchiliklar bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlamoqda.
“Chegaralar muammosi hal etilgach, har ikki xalqning hayoti yaxshilanadi”, deya ishonch bildirgan u.
Dekabr oyi boshida Qirg‘iziston OAV Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralarni delimitatsiya qilish jarayonini to‘liq yakunlagani haqida xabar bergan edi.
2022-yilning kuzida mamlakatlar o‘rtasida chegara mojarosi keskinlashgan. Tomonlar jangovar harakatlar boshlanishida bir-birlarini ayblagan edi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi otishma natijasida 63 nafar qirg‘izistonlik halok bo‘lgani, hukumat 140 mingga yaqin kishini evakuatsiya qilganini ma’lum qilgan. Tojikiston TIV 83 nafar tojikistonlik halok bo‘lganini aytgan.
Izoh (0)