Turkiya va unga ittifoqchi bo‘lgan qurolli muxolifat Suriya chegarasi bo‘ylab o‘z kuchlarini ko‘paytirmoqda. Bu holat AQSHda Anqara kurdlar nazoratidagi hududga keng ko‘lamli hujum tayyorlayotgani haqida xavotir uyg‘otmoqda.
The Wall Street Journal (WSJ) AQSHning yuqori martabali amaldorlariga asoslanib xabar berishicha, Suriyaning asosan kurdlar yashaydigan hududi — Ayn al-Arab (Kobani) shahrida ko‘p miqdorda ko‘ngillilar, maxsus kuchlar va artilleriyachilar to‘plangan.
Amerikalik amaldorga ko‘ra, Turkiyaning chegaradan o‘tish operatsiyasi yaqin kunlarda boshlanishi mumkin.
“Biz buni kuzatmoqdamiz va vazminlikka chaqiramiz”, dedi amaldorlardan yana biri.
Yirik ko‘lamdagi bosqinchilik xavfi
AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) vakili Ilhom Ahmad AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga xat yo‘llab, Turkiyaning 20-yanvardagi inauguratsiyadan oldin kurdlar hududini “amalda nazorat qilish” va Vashingtonni hamkorlikka “majbur etish” maqsadidagi harbiy operatsiyasini muqarrar ekanini ta’kidladi.
“Agar Turkiya bostirib kirsa, buning oqibatlari fojiali bo‘ladi”, deya Ahmadning xatidan iqtibos keltiradi WSJ.
U Trampni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni bu fikrdan qaytarishga undadi.
SDK harbiy alyansining asosiy tarkibiy qismi kurdlarning “Xalq o‘zini o‘zi mudofaa qilish otryadlari” (YPG) hisoblanadi. Anqara YPGni ko‘p yillar davomida Turkiya hukumatiga qarshi kurash olib borayotgan “Kurd ishchilar partiyasi” (KIP) harbiylashgan guruhining bir tarmog‘i deb biladi. KIP Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Kurdlar Suriyaning shimoli-sharqidagi hududlarni nazorat qiladi.
Erdo‘g‘on avvalroq Suriyaning hududiy yaxlitligiga rioya etish asosiy shart ekanini ta’kidlab, mamlakatni tashlab ketgan prezident Bashar Asadni tanqid qilgan edi.
Siyosatchi Suriyada yangi voqeliklar yuzaga kelganini aytib, Anqaraning hududiy da’vosi yo‘qligini aytgan.
Suriyada zulmat davri tugab, yorug‘lik boshlandi... Turkiya hech qaysi davlatning hududiga yoki suverenitetiga daxl qilmaydi. Chegaradan tashqari o‘tkazilayotgan amaliyotlarimizning yagona maqsadi vatanimiz va fuqarolarimizni terrorchilik hujumlaridan himoya qilishdan iboratdir. Suriya diniy va konfessional mansubligiga ko‘ra suriyaliklarga tegishli. Suriyaning hududiy yaxlitligi — asosiy shart. Aynan Suriya xalqi qaror qabul qiladi, degandi Erdo‘g‘on.
U suriyaliklar arab, turkman, kurd, sunniy, alaviy yoki nasroniy bo‘lishidan qat’i nazar — tinch-totuv yashaydigan Suriya Turkiyaning eng katta istagi, orzusi va maqsadi ekanini qo‘shimcha qilgan.
Izoh (0)