Damashqqa qurolli muxolifat guruhlar hujumi tufayli Suriya prezidenti lavozimini tark etgan Bashar Asad fuqarolik urushi va undan keyingi voqealar davomida hech qachon iste’foga chiqish va boshpana so‘rash masalasini ko‘rib chiqmaganini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, u poytaxtga qurolli guruhlar yaqinlashgan — 8-dekabr kuni ertalabgacha Damashqda bo‘lgan, o‘sha kuni kechqurun Suriyani tark etgan. Bu uning Suriyada hokimiyat almashgandan keyingi birinchi ommaviy bayonotidir.
Unga ko‘ra, jangarilar Damashqqa kirib kelganidan so‘ng u Suriyaning Latakiya viloyatiga yo‘l olgan, bu yerda Rossiyaning Xmeymim aviabazasi joylashgan. Uning poytaxtdan chiqib ketishi “rus ittifoqchilari bilan hamkorlikda hamda kelgusida jang harakatlarini kuzatib borish maqsadida” amalga oshirilgan. Kechqurun Asad Rossiyaga uchib ketgan.
Asadning aytishicha, poytaxtni jangarilar egallab olgani haqida u Damashqdan chiqib ketganidan so‘ng xabar topgan. Muxolifat qo‘lga kiritgan mamlakatda prezidentlik lavozimini saqlab qolishni u befoyda deb hisoblagan.
Uning ta’kidlashicha, jo‘nab ketishi oldidan “so‘nggi harbiy pozitsiyalarning vayron bo‘lishi va buning oqibatida barcha davlat tuzilmalarining falajlanishi” yuz bergan.
“Suriyadan chiqib ketishim oldindan rejalashtirilmagan va ba’zilar aytganidek, janglar ketayotgan so‘nggi soatlarda sodir bo‘lmagan”, deya qo‘shimcha qildi u.
Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Siyosatchi mamlakatni tark etganidan keyin isyonchilar Asad qarorgohiga bostirib kirgan, odamlar buyumlarni talon-toroj qilgan. Qarorgohdagi garajda BMW, Audi, Ferrari, Lamborghini Diablo kabi 50 ga yaqin hashamatli va qimmatbaho avtomobillar aniqlangan.
Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
10-dekabr kuni Idlib shahrida qo‘zg‘olonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televidenie murojaatida bu lavozimni kamida 2025-yil 1-martgacha egallab turishini aytdi.
Izoh (0)