Farg‘ona viloyati YHXB boshlig‘i Akmal Ahmedov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, podpolkovnik Akmal Ahmedov yaqin qarindoshiga tegishli bo‘lgan Malibu-2 rusumli avtomashinasida sodir etilgan qoidabuzarliklarni qonunga zid ravishda yashirishga uringani fosh etilganidan so‘ng egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
“Hozirda mazkur qonunbuzarlikka to‘liq huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi YHXX matbuot xizmati xabarida.
Ijtimoiy tarmoqlarda Malibu avtomobili 106 marta “oxirgi zarurat holatida qoida buzgan” deb topilgan va barcha jarimalar bekor qilingani haqida xabarlar tarqalib, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgandi.
Farg‘ona viloyati IIB holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarmasining besh nafar xodimiga nisbatan intizomi jazo tayinlanganini, shuningdek, Malibu-2 avtotransport vositasida sodir etilgan barcha qoidabuzarliklar bo‘yicha jarimalar belgilangan tartibda undirilganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)