Toshkentda 2-iyul kuni Rohat aylanma yo‘lidagi ta’mirlash ishlari sabab yirik tirbandliklar yuzaga keldi.
Jumladan, Qo‘yliq ko‘prigi, Farg‘ona yo‘li atrofida kuzatilgan tirbandliklar haydovchilar va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar ko‘paydi. Haydovchilar 2-3 kilometr masofani bosib o‘tish uchun bir necha soatlab yo‘lda qolib ketganidan shikoyat qildi. Ta’mirlash ishlari haqida oldindan ogohlantirilmagani aytildi.
Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati 24-iyun kuni qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Yashnobod tumanidagi Ohangaron shoh ko‘chasida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qilgandi.

Rasmiy xabarda Temur Malik—Parkent—Mahtumquli ko‘chalari aylanma harakatidan, TXAY—Ohangaron shoh ko‘chalari aylanma harakatigacha bo‘lgan qismi yopilishi ko‘rsatilgan. Ishlarni bajarish dastlab 1-iyulgacha davom etishi qayd etilgandi. Keyinchalik unga o‘zgartirish kiritilib, 4-iyulgacha davom etishi belgilandi.
Rohat aylanma yo‘lida avtomobil harakati vaqtincha yopilishi sababli, 2-iyul kuni ushbu hudud orqali harakatlanuvchi 26, 54, 110, 119, 128, 174-sonli avtobus yo‘nalishlarining harakati o‘zgartirildi.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi zarurat tug‘ilganda yo‘nalishlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rohat aylanma yo‘lida olib borilayotgan ta’mirlash jarayoni aks etgan lavhalar tarqaldi. Unda maxsus texnikalar ishlayotgani, aylanma yo‘l asfalt qilingani, biroq ta’mirlash ishlari hali yakuniga yetmaganini ko‘rish mumkin.
Hozircha rasmiylar holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
Izoh (0)