Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Chilonzordagi bog‘chada 5 yoshli bola 2-qavat zinasidan tushib ketgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, bu voqea 2025-yil 30-iyun kuni taxminan soat 9:45 lar atrofida Chilonzor tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ro‘y bergan. Ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi R.I. nazoratsizlik oqibatida ikkinchi qavat zinasidan yiqilib tushgan. Bundan xabar topgan tashkilot hamshirasi tarbiyalanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatgan va 16-sonli shahar shifoxonasi bolalar bo‘limiga olib borgan.
Shifokorlarning birlamchi tashxisiga ko‘ra, tarbiyalanuvchi R.I.ga “ikki qo‘l bilak sohasi sinishi, burun suyak sohasi sinishi, yuqori jag‘ kurak tishlarining aliyonlari osig‘ining sinishi” tashxisi qo‘yilgan. Bolaning ahvoli og‘ir bo‘lgani sababli jonlantirish bo‘limiga joylashtirishgani, ahvoli yaxshilanganidan so‘ng jonlantirish bo‘limidan chiqarilgani aniqlangan.
Ayni paytda holat bo‘yicha Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Bog‘chalardagi voqealar
2025-yil 3-aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi bog‘chada bolalarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan tarbiyachi ishdan olingani ma’lum qilindi. 27-mart kuni Toshkent viloyatidagi bog‘chada ham bolalarga qo‘pollik qilib kelgan tarbiyachi ishdan olingandi. 14-fevral kuni Samarqandning Jomboy tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni urib, ularni haqoratlagani uchun jarimaga tortilib, ishdan ketgandi.
28-fevral kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, yuz va bosh qismlariga bir necha marotaba urgani aniqlandi. 21-fevralda Toshkentdagi bog‘chada bola stulga skotchlab qo‘yilgani ortidan tarbiyachi va uning yordamchisi ishdan bo‘shatildi. 6-fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bog‘chada 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchib, tahdid qilingani aniqlandi.
6-yanvarda Toshkent viloyatidagi bog‘chada tarbiyachi bolalarning qulog‘idan tortib, bir necha marotaba urgani aniqlanib, ishdan olindi.
5-mart kuni Olmaliqdagi bog‘chada bolaning ustiga qaynoq suv to‘kilgandi.
Izoh (0)