G‘azoda 3-iyul tongidan beri 73 nafar falastinlik Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Halok bo‘lganlar orasida G‘azo gumanitar jamg‘armasiga (G‘GJ) yordam olish uchun kelgan 33 nafar odam bor. Guvohlar odamlar “asossiz otib tashlangan”ini bildirgan. So‘nggi 48 soat ichida Isroil kuchlari tomonidan 300 dan ortiq falastinlik o‘ldirilgan. G‘azo hukumati matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil shu davr ichida sektorda “26 ta qonli qirg‘in sodir etgan”.
Shu bilan birga, HAMAS G‘azoda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflarni o‘rganayotganini bildirgan. AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil 60 kunlik sulh taklifiga rozi bo‘lgani ma’lum qilgan edi.
Isroilning G‘azoga qarshi urushi oqibatida kamida 57 012 kishi halok bo‘lib, 134 592 kishi yaralangan. 7-oktyabrdagi teraktlar chog‘ida Isroilda taxminan 1 139 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq kishi asirga olingan.
Guvohlar otishmalarni tasvirlab berdi
Odamlar oziq-ovqat olish maqsadida soatlab navbatda turgan. Birdaniga hech qanday sababsiz otishma boshlanib ketgan. Al Jazeera muxbiri 3-iyul kuni ertalab bir qator omon qolganlar bilan suhbatlashgan. Ularning aytishicha, oldindan ogohlantirmasdan o‘q uzilgan. Odamlar o‘zlarini panaga olgan. Otishma shiddati tufayli favqulodda xizmatlar va tibbiy guruhlar hududga kira olmagan.

Associated Press agentligi o‘tkazgan surishtiruvda G‘GJ tarqatish markazlarini qo‘riqlayotgan AQSH pudratchilari xavf bo‘lmasa ham falastinliklarga qarshi o‘q, granata va qalampirli purkagichlardan foydalanayotgani aniqlangan.
O‘tgan hafta Isroilning “Haaretz” gazetasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda isroillik askarlarning ko‘rsatmalari to‘plangan. Unga ko‘ra, armiyaga G‘azoda gumanitar yordamni kutib, qurolsiz odamlarga ataylab o‘q uzishni buyurilgani ma’lum qilingan.
Izoh (0)