Aktyorlik kasbi ko‘pchilik o‘ylagandek oson emas. Ba’zida ular o‘zining xarakteriga butunlay zid bo‘lgan rollarni ijro etishiga to‘g‘ri keladi. Tomoshabinlar esa bu farqlarni ko‘rmay, aktyor va uning obrazini aynan bir shaxs deb qabul qilishda davom etadi.

Quyida dizi olamida mashhur bo‘lgan, lekin o‘zi ijro etgan rolga deyarli o‘xshamagan 6 nafar aktyor va aktrisa haqida hikoya qilamiz.
Kerem Bursin va Serkan Bolat — “Qalbim eshigini qoq”

Turk romantik komediyasining asosiy qahramoni Serkan Bolat sovuqqon, his-tuyg‘ularini ko‘rsatmaydigan, qat’iyatli va ehtiyotkor inson sifatida tasvirlanadi. Hattoki serial qahramoni Eda uni “robot” deb ataydi.
Ammo Serkan rolini ijro etgan Kerem Bursin hayotda obraziga umuman o‘xshamaydi. Hamkasblarining aytishicha, u juda harakatchan, hazilkash va jamoada yaxshi kayfiyat yaratishga harakat qiladigan inson. Masalan, Hande Erchel bir necha bor aktyorning hazillarining haddan tashqari ko‘pligidan norozi bo‘lgan. Kerem bilan Serkanni bog‘laydigan yagona o‘xshashlik bu ikkisining mehnatsevarligidir.
Chag‘atoy Ulusoy va Barish — “Yovvoyi asal”

Chag‘atoy Ulusoyga ko‘pincha kuchli xarakterli, odamlarni ortidan ergashtiradigan lider obrazlari nasib etadi. Biroq aktyorning o‘zi bunday emas: u ichki dunyosida yashashni ma’qul ko‘radigan, yolg‘izlikni yoqtiradigan va tabiat bag‘rida, ayniqsa baliq ovida dam oladigan sokin odam.
Shuning uchun ham u “Yovvoyi asal” filmidagi Barish rolini o‘z faoliyatidagi eng og‘ir obrazlardan biri deb atagan:
“U — impulsiv, hech narsani o‘ylamay ish qiladi. Men esa har bir qadamimni oldindan o‘ylaydigan odamman”, degan aktyor.
Kaan Urg‘anjio‘g‘lu va Emir Kozjio‘g‘lu — “Sevgi iztirobi”

Serialdagi Emir zolim, psixologik jihatdan muvozanatsiz va boshqalarni o‘zi istagandek boshqaradigan odam sifatida namoyon bo‘ladi. Mazkur rol Kaan Urg‘anjio‘g‘luning tanilishiga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa-da, aktyor bu obraz bilan o‘zini bog‘lay olmaydi.
Kaanning aytishicha, aktyorning sovuqqon ko‘rinishi uning shaxsiy chegaralarini himoya qilish vositasi, xolos. Aslida esa u o‘zini tez-tez tanqid qiladi, ayblaydi va ichki his-tuyg‘ularini doim bosishga harakat qiladi. Emir esa buning aksiga, doim boshqalarni ayblaydi va o‘z muammolariga javobgarlikni bo‘yniga olmaydi.
Mert Ramazon Demir va Ferit Korxan — “Qo‘rg‘on sirlari”

Serialdagi Ferit ayollarni osonlik bilan o‘ziga rom qiladigan, kechalarini ziyofatlarda o‘tkazadigan, mas’uliyatsiz va havoyi obraz sifatida gavdalangan. Ko‘plar uni “yomon yigit” deb atagan.
Ammo aktyor Mert Ramazon Demir hayotda bu obrazdan keskin farq qiladi. U sokin, kamtar, kamgap va atrofidagilarga nisbatan mehribon inson. Shunga qaramay, Mert ham Ferit kabi o‘z xatolarini tan olishda qiynalishini aytgan.
Fahriye Evjen va Murvet — “Kurt Seit va Aleksandra”

Murvet serialdagi bosh qahramonning itoatkor, osoyishta va muloyim rafiqasi. Bu obraz Faxriye Evjenning asl xarakteridan tubdan farq qiladi. Hamkasbi Kivanch Tatlitug va boshqa suratga olish guruhi a’zolari uning fe’l-atvori haqida ochiq fikr bildirganlar.
Ularning ta’kidlashicha, Faxriye kuchli xarakter egasi bo‘lib, ba’zida boshqalarni o‘ziga moslashishga majbur qilgan, jamoada o‘z nuqtai nazarini qat’iy himoya qilgan. Bu esa uning yumshoq, jur’atsiz obrazidan keskin farq qiladi.
Kivanch Tatlitug‘ va Aslon — “Oila”

Serialdagi Aslon qat’iyatli va yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan shaxs. Kivanch bu rolni ishonarli tarzda ijro etgan bo‘lsa-da, intervyuda bu qahramon bilan o‘zi o‘rtasida umuman o‘xshashlik yo‘qligini aytgan.
Aktyorning tanishlari uni tortinchoq va ba’zida hatto o‘z fikrini ifoda etishda qiynaladigan odam sifatida tasvirlaydi.
Izoh (0)