Chechenistondan Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun 60 344 nafar jangchi yuborilgan. Bu haqda respublika rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi.

Urushga yuborilganlarning 22 064 nafari ko‘ngillilardir, ayni paytda jangovar harakatlar zonasida 13 ming jangchi bor. Qodirov 7-may kuni Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda urush boshlanganidan beri Chechenistondan 55,5 ming jangchi, jumladan, 21,6 ming ko‘ngilli yuborilganini aytgandi.
Hozir frontda Mudofaa vazirligi, “Rosgvardiya”, “Axmat” maxsus kuchlari va Checheniston Ichki ishlar vazirligidan 11 mingdan ortiq yigitlarimiz bor, deb yozdi Qodirov o‘shanda o‘zining Telegram kanalida.
Chechenistondan yuborilgan xavfsizlik kuchlarining umumiy soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kazarma sharoitida bo‘lgan, ta’tildagi yoki jang maydonidan rotatsiya doirasida qaytgan harbiylar kiritilmagan. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, Chechenistonda shartnomalarni imzolashga majburlash amaliyoti mavjud.
Checheniston rahbarining urushga qo‘shayotgan “hissasi”
Yanvar oyida Ramzan Qodirov urushga Xitoyning beshta zirhli Changan pikaplari yuborgandi. U avvalroq Rossiya bo‘linmalariga avtotransport, dron va harbiy anjomlar jo‘natilganini ham aytgandi. 2024-yil oktyabr oyida esa Qodirov “Rossiya uchun xalq fronti” harakatiga harbiy operatsiya ehtiyojlari uchun 100 ta “jihod mashinasi” bergandi. Bundan tashqari, Checheniston rahbari urushga 78 ta UAZ “Patriot”, UAZ-452 va “Niva” avtomobillari yuborilishini ma’lum qilgan.
“Rossiya qahramoni Ahmad-Hoji Qodirov” nomidagi jamg‘arma Rossiya harbiylariga yordam ko‘rsatmoqda. Urush davomida jamg‘arma quyidagi narsalarni xarid qilgan:
- 2 515 dona maxsus avtotransport,
- 12 650 dona kvadrokopter (dron),
- 32 781 dona aloqa vositasi,
- 112 857 to‘liq harbiy jihoz to‘plami.
Jamg‘armaning urush uchun hozirgacha qilgan umumiy xarajatlari 40 milliard 533 million rublni (500 million dollardan ortiq) tashkil etgan.
Izoh (0)