Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori mast fuqaro pichoqlashidan vafot etdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1-iyul kuni soat 20:50 larda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotgani haqida 102 qisqa raqamiga kelib tushgan xabar bo‘yicha hudud profilaktika inspektori — katta leytenant A.Abduvaliyev mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borgan.
1960-yilda tug‘ilgan fuqaro Yunusali Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Uni zararsizlantirish jarayonida fuqaro qo‘lidagi pichoq bilan xodimning ko‘krak qismiga zarba berib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. Olgan jarohati natijasida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan, A.Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda gumondor voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

IIV ushbu shaxs haqida biror-bir ma’lumotga ega fuqarolardan zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘radi. Ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni qasddan o‘ldirish 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanadi.
21-iyun kuni Toshkentda fuqaro inspektorga pichoq bilan tajovuz qilgandi. Fuqarolar janjali vaqtida jinoyatni sodir etgan shaxsni ushlash choralarini ko‘rayotgan profilaktika inspektoriga pichoq bilan tajovuz qilingan.
Izoh (0)