Ishonish qiyin, lekin kino tarixidagi eng mashhur filmlardan biri — “Titanik”da butunlay boshqa aktyor o‘ynashi mumkin edi. Sevgi qurboni Jek Douson obrazi Leonardo Dikaprioga emas, balki mutlaqo boshqacha uslub va ovozga ega bo‘lgan boshqa aktyorga nasib etgan bo‘lardi.

Jeyms Kemeronning filmi 1997-yilda ekranlarga chiqdi va shu zahotiyoq shedevrga aylandi. U Dikaprioni jahon yulduziga aylantirdi, dunyoga Jek va Rouzning mashhur juftligini taqdim etdi. Film bir vaqtning o‘zida 11 ta “Oskar” mukofoti va rekord darajadagi kassa daromadlarini qo‘lga kiritdi.
Ammo bosh rolga aktyor tanlash haqidagi qaror unchalik oson bo‘lmaganini ko‘pchilik bilmaydi. Bir paytlar film ijodkorlari Mettyu Makkonaxi nomzodini jiddiy ko‘rib chiqishgan.
Bu haqda ko‘p yillar davomida Kemeron bilan hamkorlik qilgan prodyuser Jon Landau o‘z xotiralarida shunday yozadi:
Biz uni Keyt (Uinslet) bilan bo‘lgan sahnani suratga olishga taklif qildik. Mettyu cho‘ziq (texascha) talaffuz bilan rolini ijro etdi. Jim (Kemeron): “Juda soz, endi boshqacha qilib ko‘raylik”, dedi. Mettyu esa: “Yo‘q, juda yaxshi chiqdi, rahmat”, deb javob berdi. Aytish mumkinki, Makkonaxi uchun shu bilan hammasi tugadi.
Bir og‘iz so‘z va qaysarlik sabab rol boshqaga o‘tib ketadi. Bugungi kunda “Titanik”da yosh Dikapriodan boshqa hech kimni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Uning Jeki romantika, erkinlik va fojiali muhabbat timsoliga aylandi. Ammo voqealar butunlay boshqacha kechishi ham mumkin edi.
Izoh (0)