Bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida jamoatchilik orasida Mubashshir Ahmad nomi bilan tanilgan Alisher Tursunov ishi bo‘yicha sud muhokamasi boshlandi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan “Daryo” jurnalisti xabar berdi.
Sud majlisi avvalida sudlanuvchining advokati sudya Bobur Rahimovdan sud jarayonida OAV vakillari ishtirokiga ruxsat berilishini so‘rab iltimosnoma kiritdi.
Mubashshir Ahmad esa OAV vakillaridan sud jarayonini yoritishda boshqacha talqinga berilmaslikni, xolis va haqqoniy axborot tarqatishlarini iltimos qildi. Biroq majlisga raislik qiluvchi sudya OAV vakillariga foto, video va audiomateriallar olishni taqiqladi. Ammo sud ochiqligi bois, shunchaki kuzatuvchi sifatida o‘tirishlari, shuningdek, axborotlarni qog‘ozga yozib olish huquqlari borligini eslatdi.
“Sudlanuvchi aybsizlik prezumpsiyasiga asosan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aybi aniqlanmaguncha aybsiz hisoblanadi. Shu bois jurnalistlar sudlanuvchining aybli yoki aybsizligi yuzasidan turli taxmin, shubha-gumonlarga berilmasliklari, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmasliklari kerak. Buning uchun javobgarlik borligini eslataman va ogohlantiraman”, dedi raislik etuvchi sudya OAV vakillariga murojaat qilar ekan.
Sudda so‘z olgan davlat ayblovchisi tergov organi Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da ayblayotganini ma’lum qilib, ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.
2025-yilning 12-may kuni Mubashshir Ahmad Istanbulda qo‘lga olingani xabar berilgan edi. 13-may kuni Ichki ishlar vazirligi u O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini ma’lum qildi. Vazirlik bergan axborotga ko‘ra, xalqaro qidiruvga e’lon qilingan Alisher Tursunov 8-may kuni Turkiyada huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinib, 10-may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh (0)