Xitoyda tayyorlangan soxta assiz markalarni O‘zbekistonga olib kirilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Bojxonachilar Andijon, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hududlarida transchegaraviy jinoiy guruhni fosh qildi.
Qayd etilishicha, dastlab Qirg‘iziston bojxona xizmatidan maʼlumot olingan. Keyin samolyotda Xitoy-Qirg‘iziston yo‘nalishida Bishkek shahriga olib kelingan xalqaro kuryerlik jo‘natmasida O‘zbekiston aksiz markalarining 2,5 million dona qalbaki nusxasi borligi aniqlangan.
“Xitoyda tayyorlangan soxta markalar dastlab Qirg‘izistonga, so‘ngra O‘zbekistonga olib kirilishi rejalashtirilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida Bishkek shahrida aksiz markalarni O‘zbekistonga olib ketish maqsadida qabul qilib olgan qo‘shni mamlakat va O‘zbekiston fuqarolari bojxona xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Shundan so‘ng, tezkor tadbir mamlakatimiz hududida, yaʼni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida davom ettirilib, qalbaki aksiz markalarni qabul qilib olayotgan O‘zbekiston fuqarosi ham ushlandi. Ushbu fuqaro qalbaki aksiz markalarni Samarqand viloyatida yashovchi fuqaroga yetkazib berishi kerak edi”, deyiladi manbada.
-0OOvg4_T.avif)
Tekshiruv zanjiri Samarqand viloyatiga yetib, hududda qalbaki aksiz markalarni qabul qilib oluvchi asosiy shaxs qo‘lga olingan. Fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda O‘zbekiston aksiz markalarining 710 ming dona qalbaki nusxalari topilgan.
O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 3 million 210 ming dona O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarini qadoqlash uchun foydalaniladigan qalbaki aksiz markalar aylanmasiga chek qo‘yilgan.
“Buning natijasida davlat byudjetiga 34,2 milliard so‘m (2,7 million dollar-tahr.) zarar yetkazilishining oldi olingan. Shu bilan birga, minglab yurtdoshlarimizning salomatligi asrab qolindi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Farg‘ona viloyatida bojxona posti rahbari 5 ming dollar pora olayotganda ushlangani xabar qilingandi.
Izoh (0)