Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi shimoliy Marmara avtomagistralida 18-avgust kuni yo‘lovchi avtobus ag‘darilib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lib, yana 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda DHA nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 06:15 atrofida Sanjaktepe tumanining Pashako‘y hududida yuz bergan. Tekirdag‘ shahriga harakatlanayotgan avtobus haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetidagi to‘siqlarga urilib, ag‘darilib ketgan. Avtobusda jami 35 yo‘lovchi bo‘lgan. Jarohat olganlar tez yordam mashinalari bilan yaqin kasalxonalarga olib ketilgan.
Viloyat hokimligi hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berib, avariya bo‘yicha tergov ishlari boshlanganini ma’lum qilgan. Bildirilishicha, voqea joyida jandarmiya (politsiya) xodimlari avtobusni yo‘ldan olib chiqish ishlarini boshlab yuborgan. Maxsus evakuator yordamida transport vositasi shatakka olinmoqda.
Bundan oldinroq, Iroqda ham shunga o‘xshash voqea yuz bergandi. Unda eronlik ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus halokatga uchrab, 5 kishi halok bo‘lgan va 57 kishi jarohatlangan. Avtohalokat Basra–Shalamcheh yo‘nalishida sodir bo‘lgan. Ziyoratchilar Arbain marosimiga yo‘l olgan. Yo‘l transport hodisasi avtobusning yo‘l chetidagi to‘siqqa urilishi sababli yuzaga kelgan.
Izoh (0)