O‘zbekistonda Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Keltirilishicha, Singapurga tashrif doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiyasi Singapore Cooperation Enterprise, Sembcorp Industriyes va Wilmar International kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar konstruktiv ruhda kechib, tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi choralarni belgilab oldi. O‘zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalarida samaradorlikni oshirish dasturini ishlab chiqish, bunda “yagona oyna” mexanizmi, unifikatsiyalangan boshqaruv standartlari, CRM platformasi va zamonaviy infratuzilmani joriy etish, shuningdek, strategik investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Buning uchun qo‘shma ekspertlar guruhi shakllantiriladi.
Yana bir muhim kelishuvlardan biri — Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 1 800 ish o‘rni yaratish imkonini beruvchi agrosanoat loyihasini amalga oshirish bo‘yicha choralar belgilandi.
Qayd etilishicha, tashrif Singapur hamkorlarining uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan yuqori qiziqishi borligini namoyon etdi hamda investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochib berdi.
Izoh (0)