Chexiyada avtomobil yo‘lining bir qismida ruxsat etilgan tezlikni tajriba tariqasida oshirish rejalashtirilmoqda. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, Tabor va Cheske-Budeivitse shaharlari oralig‘idagi 50 kilometrlik yo‘lda haydovchilar 150 km/soatgacha tezlashishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.

Yangi tezlik tartibini sinov tariqasida joriy etish sentyabr oyining oxiriga mo‘ljallangan. “150 km/soat” cheklovli elektron belgilar faqat qulay ob-havo sharoitida va yo‘llar bo‘sh bo‘lganda faollashtiriladi. Yomg‘ir, qor yoki boshqa noqulay ob-havo sharoitlarida tizim avtomatik ravishda ruxsat etilgan tezlikni 20 km/soatga pasaytiradi.
Hozirda Chexiya avtomobil yo‘llarida umumiy tezlik chegarasi 130 km/soatni tashkil etadi. Ta’kidlash joizki, bunday tajribalar Yevropada avval ham o‘tkazilgan: Avstriyada Vena va Zalsburg oralig‘ida 2018-yildan 2020-yilgacha 140 km/soatgacha bo‘lgan cheklovlar sinovdan o‘tkazilgan, biroq loyihani o‘sha paytdagi iqlim ishlari vaziri Leonora Gevessler karbonat angidrid chiqindilari ko‘payishi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli to‘xtatgan edi.
Izoh (0)