Ba’zi seriallarni qayta-qayta ko‘ramiz, lekin shunda ham ijodkorlar yashirgan ko‘plab ishoralarni payqamaymiz. Masalan, doktor Hausning qaysi manzilda yashashi va bu manzilda qanday ishora yashiringaniga e’tibor berganmisiz? Xuddi shunday yashirin ishoralarni mashhur filmlarda ko‘plab uchratish mumkin. Quyida bir nechtasini ko‘rib o‘tamiz.
“Taxtlar o‘yini”da barcha dotrakiylik jangchilar sochlarini uzun qilib o‘radi. Agar jangchi jangda mag‘lub bo‘lsa, u o‘rilgan sochini kesib tashlaydi. Demak, soch o‘rimi qanchalik uzun bo‘lsa, jangchi shunchalik kuchli hisoblanadi. Xalisi Deyeneris bu an’anaga rioya qiladi va o‘z xalasarida haqiqiy malikaga aylanganidan beri sochini o‘ra boshlaydi. G‘alabalar soni ortgan sayin uning soch turmagi ham murakkablashib boradi: serial yakuniga kelib, uning soch turmagi shouning sakkizinchi mavsumidan ham chalkashroq ko‘rinishga ega bo‘ladi.

“Sherlok” serialida Jon Uotsonning o‘z blogi uchun matn yozishiga e’tibor bering: u harflarni faqat ikki barmog‘i bilan teradi. Bu Viktoriya davri yozuv texnikasiga ehtirom bo‘lib, aynan o‘sha davrda Sherlok Xolms haqidagi voqealar sodir bo‘lgan edi.

“Oqsoch hikoyasi” seriali syujetiga ko‘ra, voqealar totalitar jamiyatda kechadi. Bu jamiyatda ayollarga qullar maqomi berilgan: ularga ishlash, ta’lim olish, o‘qish va yozish taqiqlangan. Serial ijodkorlari detallar ustida nihoyatda puxta ishlagan. Misol uchun, “to‘xtash” belgisi o‘rniga qo‘l tasviri qo‘llanilgan.

Do‘konlardagi mahsulotlar bilan ham xuddi shunday: qadoqlarda matn emas, faqat rasmlarni ko‘rish mumkin.

“Toj” serialida qirolicha deyarli har safar bosh vazir bilan suhbatlashish, diplomatik uchrashuv o‘tkazish yoki fuqarolarga murojaat qilish kabi muhim tadbirlarga tayyorlanayotganida marjonini taqadi. Qirolicha Yelizaveta II ning haqiqatan ham bir emas, balki uchta shunday marjoni bo‘lgan.

“Onangizni qanday uchratganman” serialining bir qismida mashhur amerikalik komediyachi Konan OBrayenni ko‘rish mumkin. Uning roli shu qadar kichik ediki, unda hatto bitta ham so‘z aytilmagan.

“Doktor Haus” serialida muzokaralar xonasidagi qahva mashinasida shunday yozuvni ko‘rish mumkin: “Ajoyib qahva. “Prozak”dan arzonroq!”. “Prozak” — serialda tez-tez tilga olinadigan antidepressant dori hisoblanadi.

Sinchkov tomoshabin Gregori Hausning manzili Beyker-strit, 221V ekanligiga e’tibor beradi. Serial ijodkorlari doktor Haus obrazi Sherlok Xolms siymosidan ilhomlanganini bir necha bor ta’kidlashgan, shu sababli bunday qiziqarli ishora qoldirilgan.

Izoh (0)