Jonni Depp mashhur “Karib dengizi qaroqchilari” franshizasining oltinchi qismida Kapitan Jek Chittak roliga qaytishni ko‘rib chiqmoqda. Ammo aktyor faqat ssenariy unga to‘liq ma’qul bo‘lsa, bu rolda yana ishtirok etishga rozilik bildiradi. Bu haqda filmning prodyuseri Jerri Brukxaymer ma’lum qildi.

Brukxaymer hozirda ssenariy ustida ish olib borilayotganini va u deyarli yakuniga yetganini ta’kidladi. Avvalgi qismlarda ham ishlagan Ted Elliot va Jeff Natanson ssenariy bo‘yicha mas’ul. Prodyuserning aytishicha, hikoyaning finali allaqachon tayyor, faqat birinchi ikki aktni to‘liq shakllantirish qolgan.
Oltinchi qism franshizaning qayta boshlanishi (reboot) bo‘ladi, biroq Brukxaymer Jek Chittakning filmda baribir paydo bo‘lishini istaydi. U Deppni o‘z do‘sti va “noyob ijodkor” deb atadi hamda Jek Chittak obrazi avvalgi ssenariyda mavjud bo‘lmaganini, uni aynan Depp yaratganini ta’kidladi.
2022-yilda, Ember Xyord bilan bo‘lgan sud jarayonlari paytida, Depp bu rolga hatto “300 million dollar va millionta lama” evaziga ham qaytmasligini aytgan edi. Shundan so‘ng u asosan mustaqil loyihalarda suratga tushdi. Ammo prodyuser so‘zlariga ko‘ra, Disney bilan munosabatlar asta-sekin yaxshilanmoqda.
Franshizaning oxirgi filmi — “Karib dengizi qaroqchilari: O‘lik odamlar ertak aytmaydi” 2017-yilda chiqqan. Unda Deppdan tashqari Jeffri Rosh, Orlando Blum va Kira Naytli ham rol o‘ynagan.
Izoh (0)