Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi poraxo‘rlik, firibgarlik va saylovlarga aralashishda ayblanib hibsga olindi. U hibsda qanday sharoitda saqlanishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda The Korean Times xabar berdi.

Sobiq birinchi xonim Seul Janubiy tergov izolyatoriga joylashtirilgan. U odatdagi tartibda, tergov ostidagi shaxs sifatida qabul qilingan: ma’lumotlari tekshirilgan, maxsus raqam berilgan, bo‘yi va vazni o‘lchangan, shaxsiy buyumlari esa saqlashga topshirilgan.
Shundan so‘ng u hali hukm chiqmaganlar uchun mo‘ljallangan, raqamli yorliq yopishtirilgan xaki rangli kiyim kiygan. Mahbuslarni ro‘yxatga olish uchun mo‘ljallangan standart suratga tushgan.
Kim Gon Xi taxminan 6 dan 10 kvadrat metrgacha bo‘lgan, shkaf, yig‘ma stol, televizor va hojatxona kabi qulayliklarga ega bo‘lgan bir kishilik kamerada saqlanadi. U karavotda emas polda matras va adyol ustida yotadi. Kengroq kameralarda kichik rakovina ham bo‘lishi mumkin.
Kim boshqa mahbuslar bilan to‘qnash kelmasligi uchun uning yuvinish va sayr qilish vaqtlari oldindan rejalashtiriladi. Unga boshqa hibsdagilar bilan bir xil ovqat beriladi. Masalan, 13-avgust kuni ertalabki nonushtada ehtimol, non, qulupnay murabbosi, sut, grilda pishirilgan sosiska va sabzavotli salat berilgan. Qamoqqa olingan paytdan boshlab Prezident xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Chunki bunday xizmat jazoni ijro etish tizimi tomonidan ta’minlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Kimning turmush o‘rtog‘i, sobiq prezident Yun Sok Yol ham harbiy holat joriy etishga urinish ayblovi bilan hibsda saqlanmoqda.
Izoh (0)