AQSH rezidenti Donald Tramp tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishni juda xohlaydi, biroq bunga erishaman deb o‘ylamaydi. Bu haqda Oq uy vakiliga iqtibos keltirgan holda NBC telekanali ma’lum qildi.

“Prezident tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq ekanini his qiladi, lekin uni qo‘lga kirita olishini o‘ylamaydi. Uning ta’kidlashicha, u Donald Trampning o‘ziga emas, balki Donald Trampning fikrlari haqida yozgan odamga nasib etadi”, dedi telekanal suhbatdoshi.
Trampning birinchi ma’muriyati xodimi, o‘z navbatida, Amerika yetakchisi mukofotni “haqiqatan ham xohlashini”, ammo “bu haqda gapirishni istamasligini” ta’kidlagan.
Oq uy Trampning turli davlatlar, jumladan, Isroil va Eron, Armaniston va Ozarbayjon, Kambodja va Tailand, Ruanda va Kongo Demokratik Respublikasi o‘rtasida tinchlik bitimlarini tuzishdagi roliga urg‘u bergan.
Trampning Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroni hal qilishga urinishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, biroq Hindiston tomonining o‘zi Trampning bu masalaga qo‘shgan hissasini rad etmoqda.
“Prezident yarim yil ichida har oyda taxminan bitta tinchlik shartnomasi yoki sulh tuzishda vositachilik qildi. Prezident Trampga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirishning ayni vaqti”, deydi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt.
AQSH prezidenti sobiq maslahatchilarining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ilgari bu mavzuga befarq munosabatda bo‘lgan bo‘lsa, endi mukofot olishdan shaxsan manfaatdor va bu masalani ommaviy va yopiq uchrashuvlarda muntazam ravishda ko‘tarib chiqadi.
Bir qator mamlakatlarda Trampning mukofotga nomzodini qo‘llab-quvvatlashga ommaviy chaqiriqlar allaqachon yangramoqda. Biroq Norvegiya tahlil markazlarining baholariga ko‘ra, u hali 2025 yilgi Nobel mukofoti uchun favoritlar qatoriga kirmaydi.
Nobel qo‘mitasi vakillarining ta’kidlashicha, qaror bosim va ommaviy kampaniyalardan qat’i nazar qabul qilinadi.
Shu bilan birga, Oq uy ma’muriyati Trampning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzodini qo‘llab-quvvatlagan davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Xabarda aytilishicha, Trampni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Kambodja bosh vaziri Xun Sen, Gabon prezidenti Brais Oligi Ngema, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Pokiston hukumati va Ruanda Respublikasi tashqi ishlar vaziri Olive Nduxungirexe qo‘llab-quvvatlamoqda.
Izoh (0)