Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohini 12 ta havo hujumidan mudofaa tizimi qo‘riqlamoqda. Bu haqda “Ozodlik” xabar berdi.

Ma’lumotni Yandeksning yangi sun’iy yo‘ldosh suratlari va “Yandeks.Zerkala” xizmatidagi fotosuratlar tasdiqlaydi. Mazkur qarorgohda Putin bilan munosabatda ekani taxmin qilinayotgan Alina Kabayeva bolalari — o‘g‘illari Ivan va Vladimir bilan tez-tez vaqt o‘tkazadi.
“Proyekt” nashri yozishicha, 2023-yil fevralida Kabayeva uchun qarorgoh yaqinida alohida uy qurilgan. Sobiq gimnastikaching yordamchilari ham shu hududda uy-joy bilan ta’minlangan. Qarorgohdagi mudofaa tizimlari soni Rossiya poytaxti bilan solishtirganda ham e’tiborni tortadi. Aholisi 20 milliondan oshadigan Moskva va Moskva viloyatida jami 60 ta havo mudofaa tizimi mavjud.

Putin rezidensiyasi atrofida havo mudofaa tizimlari o‘rnatilgani haqidagi ilk xabarlar 2023-yil yanvarida paydo bo‘lgan. “Ozodlik” esa tegishli ma’lumotlarni to‘plashni 2024-yil oxirida boshlagan. Ukraina dronlari Rossiyadagi harbiy aerodromlarga hujum qilganidan so‘ng “Pantsir-S1” tizimlari Valdayda o‘rnatila boshlagan.
Ukrainada urush boshlanganidan beri Putin Rossiya bo‘ylab harakatlanishda zirhli poyezdni afzal ko‘radi. Shu maqsadda uning barcha asosiy qarorgohlariga temiryo‘l tarmoqlari tortilgan va yonida maxfiy stansiyalar qurilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, maxfiy temiryo‘l infratuzilmasi Putin xavfsizligini ta’minlashda eng muhim vositalardan biridir.
Izoh (0)