AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klintonga moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha guvohlik berish uchun chaqiruv qog‘ozi yuborildi. Bu chaqiruvni AQSH Vakillar palatasining nazorat va hukumat islohoti qo‘mitasi jo‘natgan. Tegishli ma’lumotlar qo‘mita rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.

Klintonlardan tashqari, shunga o‘xshash chaqiruv qog‘ozlarini Federal qidiruv byurosining sobiq direktorlari Jeyms Komi va Robert Myuller, shuningdek, sobiq bosh prokurorlar Loretta Linch, Erik Xolder, Merrik Garlend, Uilyam Barr, Jeff Seshns va Alberto Gonsales ham olishgan.
Hujjatga ko‘ra, so‘roqlar 18-avgustda boshlanib, oktyabr oyining o‘rtalarigacha davom etadi. Bill Klinton 14-oktyabr kuni, Hillari Klinton esa 9-oktyabr kuni ko‘rsatma berish uchun chaqiriladi. Bundan tashqari, qo‘mita raisi Jeyms Komer AQSH Adliya vazirligiga Epshteyn faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq barcha hujjatlarni 19-avgustgacha taqdim etish to‘g‘risida alohida talab yuborgan.
19-iyul kuni Donald Tramp bosh prokuror Pam Bondiga Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hakamlar hay’ati tomonidan yig‘ilgan barcha maxfiy materiallarni oshkor qilishni topshirganini e’lon qildi.
23-iyul kuni The Wall Street Journal gazetasi prezident ma’muriyatidagi yuqori lavozimli manbalarga tayanib AQSH Adliya vazirligi xodimlari moliyachi Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha hujjatlarni o‘rganib chiqib, ularda Donald Trampning nomi bir necha bor qayd etilganini aniqlaganini yozdi.
Investitsiya bankiri Jeffri Epshteyn 2008-yilda voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani va fohishabozlikni tashkil etgani uchun aybini tan olib, hukm qilingan edi. U 2019-yil yozida AQSHda yana qamoqqa olindi. Epshteyn 14 yoshli qizlarni ham o‘z ichiga olgan holda, qizlar savdosi va ularni fohishabozlikka undashda ayblandi. O‘sha yilning avgust oyida 66 yoshli Epshteyn sud jarayonini kutmay, qamoqxonada o‘zini o‘ldirdi.
Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarni e’lon qilish AQSH prezidenti Donald Trampning saylovoldi va’dalaridan biri hisoblanadi.
Izoh (0)