AQSHning Nyu Jersi shtati qirg‘oqlarida kichik motorli qayiq bilan to‘qnashgan minke turiga mansub kit halok bo‘ldi. To‘qnashuv oqibatida qayiq deyarli ag‘darilib, bir kishi suvga tushib ketgan. Bu haqda AP News xabar berdi.

Voqea 2-avgust kuni Barnegat ko‘rfazi yaqinida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda 6 metr uzunlikdagi kit motorli qayiqqa borib urilgani va keyinroq suzib ketgani aks etgan. Zarba kuchidan qayiqdagi bir odam suvga tushib ketgan.
Oradan ko‘p o‘tmay kit yaqin atrofdagi qumli orolda o‘lik holda topilgan. Dengiz hayvonlarini qutqarish, davolash va tabiatga qaytarish bilan shug‘ullanuvchi Marine Mammal Stranding Center tashkiloti hodisaga munosabat bildirib, to‘lqin va suv sathi sababli kitga yaqinlasha olmaganini aytgan.
“Hozircha ko‘p narsa deya olmaymiz. Kitda yaqqol jarohat izlari yo‘q. Ammo sinchiklab tekshirish imkonimiz yo‘q”, dedi tashkilot koordinatori Jey Pagel.
Pagelning aytishicha, videodagi to‘qnashuvdan avval kitda boshqa jarohatlar bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda. Internetda tarqalgan boshqa bir videoda baliqning boshqa qayiq bilan ham to‘qnashgani tasvirlangan. Kit jasadi 4-avgust kuni sohildan olib ketilib, o‘lim sababini aniqlash maqsadida maxsus tekshiruv — nekropsiya o‘tkaziladi.
Izoh (0)